Buyuk Britaniyada internet orqali fastfudlarni reklama qilish taqiqlandi

Buyuk Britaniyada fastfud va sog‘liq uchun zararli oziq-ovqat mahsulotlari reklamasiga nisbatan qat’iy cheklovlar kuchga kirdi. Bu haqda mamlakatning Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligi ma’lum qildi.
5-yanvardan boshlab Buyuk Britaniya telekanallarida fastfud reklamalarini faqat soat 21:00 dan keyin namoyish etishga ruxsat beriladi. Internetda esa bunday mahsulotlarning reklamalari to‘liq taqiqlandi.
Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu cheklovlar yaqin yillarda 20 ming nafar bola orasida semirish holatlarini kamaytirish, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimi xarajatlarini 2 mlrd funt sterling (taxminan $2,7 mlrd yoki 32,4 trln so‘m)ga qisqartirishga yordam beradi.
Britaniya sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berishicha, maktabga birinchi bor borayotgan bolalarning 22 foizi ortiqcha vaznga ega. Maktabni bitirayotganlar orasida esa bu ko‘rsatkich 35 foizdan oshadi. 5 − 9 yoshli bolalar shifoxonaga eng ko‘p noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatidagi tish muammolari sabab yotqizilmoqda.
Bolalar semirishiga qarshi kurash doirasida hukumat sog‘lom ovqatlanish standartini joriy etdi. U mamlakat bo‘ylab oziq-ovqat tarkibini yaxshilashga qaratilgan. Shuningdek, mahalliy hokimiyatlarga maktablar yaqinida fastfud shoxobchalari ochilishini cheklash vakolati berildi.
«Sog‘lom bo‘lmagan ovqatlar reklamasini cheklab va ularni internetda taqiqlash orqali bolalar va ota-onalar uchun sog‘lom tanlovni osonlashtiramiz», – dedi sog‘liqni saqlash vaziri Eshli Dalton.
Bundan tashqari, 2018-yildan beri amal qilib kelayotgan shirin ichimliklar uchun aksiz solig‘i endilikda sutli kokteyllar va shakar miqdori yuqori bo‘lgan boshqa mahsulotlarga ham tatbiq etiladi. Aksiz miqdori:
- 100 ml tarkibida 5 − 8 g shakar bo‘lsa — litriga 18 pens;
- 8 g va undan yuqori bo‘lsa — 24 pens etib belgilangan.
Shuningdek, Buyuk Britaniyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga kofein miqdori yuqori bo‘lgan energetik ichimliklar sotilishi taqiqlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda Burger King’ning ilk filiali Alpomish muz saroyi yonida ochilishi mumkinligi haqida yozgandi.