Geely Galaxy V900 gibrid miniveni Xitoyda sotuvga chiqarildi

Geely kompaniyasi Xitoy bozorida yangi Galaxy V900 gibrid minivenining oldindan sotuvlarini boshladi. Bu haqda Mydrivers avtonashri ma’lum qildi.
Mashina uch xil to‘plamda taklif etiladi va narxi $45,7 mingdan $55,8 minggacha belgilangan. Avtomobil uzunligi 5360 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 3200 mmni tashkil qiladi. Salon 6, 7 yoki 8 yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, polning foydali maydoni 91,8%, yukxona hajmi esa 1000 litrdan ortiq.

Haydovchi va yo‘lovchilar uchun uchta displey mavjud: 10,25 dyuymli asboblar paneli, 15,4 dyuymli markaziy sensorli ekran va ikkinchi qator yo‘lovchilari uchun 17,3 dyuymli ko‘ngilochar ekran.
Mashina Flyme Auto 2 tizimi asosida ishlaydi, yagona chipli Snapdragon 8295P platformasi bilan jihozlangan. Audiotizimi 27 dinamikli va quvvati 2300 Vt, konditsioner hajmi esa 9,1 litrni tashkil qiladi. Barcha versiyalarda yuqori tezlikli kruiz-kontrolni qo‘llab-quvvatlovchi Nvidia Orin chipi va Lidar mavjud.

Gibrid dvigatel 1,5 litrli ichki yonuv dvigateli va ikki elektr motordan iborat bo‘lib, maksimal quvvati 340 kVt, tork esa 523 N·mga teng. Elektr masofasi CLTC sikli bo‘yicha 260 km, kombinatsiyalangan masofa esa 1220 kmni tashkil qiladi.
Mashina komfort va xavfsizlikni ta’minlash uchun elektromagnitli CCD damper tizimi, pnevmatik suspenziya va 11 ta xavfsizlik yostiqlari bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda yangi Wuling Xingguang 730 miniveni taqdim etilgan edi.


