
General Motors 2025 – 2026-yilgi Chevrolet Equinox EV elektromobillarining bir qismini qayta chaqirishni boshladi. Speedme’ga ko‘ra, bunga asosiy sabab avtomobilning past tezlikda yetarli darajada ovoz chiqarmasligi. Bu holat AQSh va Kanada qoidalariga mos kelmaydi.
Unga ko‘ra, elektromobil va gibrid mashinalar 10 km/soatgacha harakatlanganda tashqi ogohlantiruvchi ovoz chiqarishi kerak. Bu, ayniqsa, tor ko‘chalar va avtoturargohlarda piyodalar xavfsizligi uchun muhim hisoblanadi.
Aniqlanishicha, muammo texnik nosozlik emas, balki dasturiy sozlamalar bilan bog‘liq. Noto‘g‘ri kalibrlash sabab avtomobil kerakli balandlikda ovoz chiqarmayapti.
GM ma’lumotiga ko‘ra, bu holat piyodalar uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Chunki juda ovozsizlik avtomobil yaqinlashayotganini sezishni qiyinlashtiradi.
Muammoni hal qilish uchun dilerlar avtomobillarga dasturiy yangilanish o‘rnatadi. Ayrim sotilmagan mashinalar esa masofadan turib, internet orqali yangilanish olishi mumkin.
GM ta’kidlashicha, yangilanishdan so‘ng Chevrolet Equinox EV barcha xavfsizlik talablariga to‘liq mos keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilgi Chevrolet Equinox elektromobili qancha yukni torta olishi haqida xabar berilgandi.