Lifestyle

Hyundai avtomobil zavodlarida ishlaydigan yangi gumanoid robotni taqdim etdi

Atlas 2028-yildan boshlab kompaniyaning avtomobil zavodlarida ishga tushiriladi
Foto: Boston Dynamics

Hyundai Motor Co.’ga qarashli Boston Dynamics avtomobil ishlab chiqarishda foydalanish uchun mo‘ljallangan Atlas nomli yangi gumanoid robotning yangilangan talqinini namoyish etdi.

Hyundai’ning ma’lum qilishicha, Atlas 2028-yildan boshlab kompaniyaning avtomobil zavodlarida ishga tushiriladi. Ular orasida AQShning Jorjiya shtati, Savannah shahrida joylashgan zavod ham bor.

Dastlab robotlar yuqori darajada takrorlanuvchi vazifalarni bajaradi. Xususan, avtomobillarga o‘rnatiladigan detallarni ketma-ket joylash, ularni yig‘ishga tayyorlash kabi ishlarda qo‘llanadi. 2030-yilga borib esa Atlas robotlarini murakkabroq yig‘uv jarayonlariga ham jalb qilish rejalashtirilgan.

Yangilangan robot CES texnologiya ko‘rgazmasida, Las-Vegasda taqdim etildi. Hyundai bu loyihani ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Hyundai Atlas gumanoid robotining xususiyatlari haqida yozgan edi.