Hyundai Motor Company aksiyalari 18 foizga oshdi

eʼlon qilindi
Bir dona aksiya 362 ming von ($250) narxiga yetgan
Hyundai Motor Company aksiyalari 18 foizga oshdi
Foto: Upstox

Hyundai Motor Company aksiyalari Seul fond birjasida keskin qimmatlashib, 18 foizga oshdi. Oninest portalining ma’lumotiga ko‘ra, 7-yanvar kungi savdolarda bir dona aksiya 362 ming von ($250) narxiga yetdi.

Reuters’ning yozishicha, aksiyalar narxidagi keskin sakrashni Las-Vegasda bo‘lib o‘tayotgan CES ko‘rgazmasida Hyundai zavodlarida gumanoid Atlas robotlarini joriy etish haqidagi e’lon bilan izohlab bo‘lmaydi. Kiwoom Securities tahlilchisi Shin Yun Chulga ko‘ra, 2028-yilgacha atigi 30 ming robot chiqarilishi rejalashtirilgan va Atlas hozircha to‘liq ishlab chiqarish bosqichiga yetmagan.

Mutaxassis fikricha, bozorga aynan Hyundai Motor Group rahbari Chon Eui Sun va Nvidia bosh direktori Jensen Huang o‘rtasidagi CES’dagi yopiq uchrashuv haqidagi xabarlar turtki bergan. Investorlar bu muloqot oddiy chip yetkazib berishdan tashqari, Nvidia’ning Hyundai loyihalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritishi bilan yakunlanishi mumkin, degan ssenariyni baholay boshlagan.

Hyundai yillardan beri yirik sarmoya kiritayotgan bo‘lsa-da, avtonom boshqaruv texnologiyalari borasida hali Tesladan ortda qolmoqda.

CES doirasida Nvidia rahbariyati Mercedes-Benz bilan ham yopiq muzokaralar o‘tkazgan. Nvidia’ning Alpamayo tizimi to‘liq o‘rnatilgan birinchi seriyali avtomobil Mercedes-Benz CLA 2025 bo‘lishi kutilmoqda. Mazkur model AQShda 2025-yil birinchi choragida, Yevropada ikkinchi chorakda, Osiyoda esa 2026-yil oxirida sotuvga chiqadi.

FactSet ma’lumotlariga ko‘ra, bozor tahlilchilari Hyundai Motor aksiyalariga juda ijobiy qaramoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai Atlas gumanoid roboti taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek