
Hyundai Xitoy bozorida Hyundai Santa Fe 2026 modelini rasman taqdim etdi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.
Narxlar avvalgi darajada saqlab qolindi va 195,8 ming yuandan ($27 ming) boshlanadi. Yangi model endi to‘rtta komplektatsiyada taklif etiladi. Oldin mavjud bo‘lgan Connoisseur Pro versiyasi qatorlardan olib tashlandi. Qolgan talqinlarning narxlari o‘zgartirilmagan.

Asosiy yangiliklar xavfsizlik va elektron yordamchilar bilan bog‘liq. Santa Fe 2026 haydovchi holatini kuzatuvchi kamera bilan jihozlandi. Tizim chalg‘ish va charchoqni aniqlaydi. Orqa qatordagi bolalarni aniqlash funksiyasi ham qo‘shildi. Komplektatsiyaga qarab, haydovchiga yordam beruvchi tizimlar sozlamalari takomillashtirilgan.
Tashqi dizayn o‘zgarishsiz qolgan. Krossover o‘lchamlari 4 830×1 900×1 780 mm. G‘ildirak bazasi 2 815 mmni tashkil qiladi.
Salonda ikkita 12,3 dyuymli displey o‘rnatilgan. Proyeksion ekran mavjud. Smartfonlar uchun ikkita simsiz quvvatlash joyi bor. Markaziy qo‘ltiqtayanch UV-dezinfeksiya funksiyasi bilan ta’minlangan. Model 5, 6 yoki 7 o‘rindiqli variantlarda taklif etiladi. Nappa charm, old o‘rindiqlarda isitish va ventilyatsiya funksiyasi mavjud. Ikkinchi qator o‘rindiqlari elektr sozlama va isitish bilan jihozlangan.

Texnik qismda o‘zgarish yo‘q. Hyundai Santa Fe 2026 2,0 litrli turbomotor bilan jihozlanadi. Dvigatel quvvati 248 ot kuchi. Uzatmalar qutisi 8 pog‘onali avtomat. Old osma McPherson, orqa qismi esa ko‘p tutqichli mustaqil sxemada ishlaydi.
Narx:
| Model | Narxi (10 ming yuan) | Narxi ($) |
|---|---|---|
| Hyundai Explorer Air | 19,58 | $27 ming |
| Hyundai Explorer Pro | 21,88 | $30,6 ming |
| Hyundai Pro Max | 24,58 | $34,4 ming |
| Hyundai Ultra | 26,88 | $37,6 ming |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 51 mingdan ortiq Hyundai Tucson avtomobilini chaqirib olgani haqida yozgan edi.