Nestle O‘zbekistondagi ayrim bolalar ozuqasini ixtiyoriy qaytarib olmoqda

eʼlon qilindi
Qaytarib olinayotgan mahsulotlar orasida tez eruvchan sutli va nordon sutli quruq aralashmalar bor
Foto: Nestle

«Nestle Food» MChJ XK O‘zbekiston hududida bolalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarining ayrim cheklangan partiyalarini ixtiyoriy ravishda qaytarib olishni boshladi. Kompaniya bu chorani ehtiyot chorasi sifatida ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Qaytarib olinayotgan mahsulotlar orasida tez eruvchan sutli va nordon sutli quruq aralashmalar, shuningdek, aminokislotalar asosidagi maxsus davolovchi quruq aralashmalarning ayrim partiyalari mavjud.

Xususan, quyidagi mahsulotlarning ayrim partiyalari qaytarib olinmoqda:

  • NAN 1 OPTIPRO;
  • NAN 2 OPTIPRO;
  • NAN Kislomolochniy (0 – 12 oy) — 1 partiya;
  • NAN Supreme (0 – 12 oy) — 1 partiya;
  • ALFARÉ Amino.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, tashqi yetkazib beruvchidan olingan xomashyoda (araxidon kislotasi) sereulid toksini bo‘lishi ehtimoli aniqlangan. Shu sababli Nestle global miqyosda ayrim mahsulot partiyalarini ixtiyoriy ravishda qaytarib olishga qaror qilgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu ingrediyent miqdori juda kam bo‘lib, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarida sereulid toksini bo‘yicha normativ talab mavjud emas. Shunga qaramay, kompaniya ehtimoliy xavflarning oldini olish maqsadida 2026-yil 5-yanvardan boshlab mazkur chorani amalga oshirmoqda.

Nestle Food ushbu holat yuzasidan tegishli regulyator organlarni xabardor qilgan hamda iste’molchilarga to‘liq ma’lumot berishga tayyor ekanini bildirgan.

Qayd etilgan partiyalardagi mahsulotlarni xarid qilgan iste’molchilar ularni belgilangan tartibda qaytarishlari mumkin. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash xizmati +998 78 120 20 55 raqami orqali bog‘lanish tavsiya etildi.

Qaytarib olish jarayoni faqat yuqorida ko‘rsatilgan cheklangan partiyalarga taalluqli bo‘lib, Nestle kompaniyasining O‘zbekistonda sotilayotgan boshqa bolalar ozuqasi mahsulotlariga tegishli emas.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nestlé 16 ming nafar xodimni qisqartirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek