Noqulay ob-havo sabab ayrim reyslar muqobil aerodromlarga yo‘naltirildi

O‘zbekistonning ayrim hududlarida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoitlari sabab bir nechta xalqaro reyslar belgilangan manzilga qo‘na olmadi va muqobil aerodromlarga yo‘naltirildi. Bu haqda «Uzbekistan Airports» ma’lum qildi.
Xususan, Namangan aeroportida tuman tufayli «Jazeera Airways» aviakompaniyasining Quvayt – Namangan yo‘nalishidagi JZR663 reysi ekipaji Dushanbe shahridagi muqobil aerodromga yo‘nalishga qaror qildi.
Buxoro aeroportida ham tuman va ko‘rish masofasining 100 metrga tushib ketgani sabab Moskva – Buxoro yo‘nalishidagi «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasining HY9608 reysi Navoiy aeroportiga yo‘naltirildi. Shu yo‘nalishdagi «Aeroflot» aviakompaniyasining AFL1876 reysi esa Samarqanddagi muqobil aerodromga qo‘nishga qaror qildi.
Shuningdek, Termiz aeroportida kuzatilgan tumanli ob-havo sabab Moskva – Termiz yo‘nalishidagi «Azimuth» aviakompaniyasining AZO7055 reysi ham Samarqand aeroportiga yo‘naltirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent aeroportida tuman sabab ayrim reyslar muqobil aerodromga yo‘naltirilgan edi.