Profilaktika inspektorlari bilan onlayn muloqot qilish uchun «Mening inspektorim» ilovasi ishga tushadi

eʼlon qilindi
2026-yil 1-noyabrga qadar
Foto: O‘zA

O‘zbekistonda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha yangi, yaxlit va manzilli ishlash tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezident qarori e’lon qilindi.

Hujjatda 2025-yilda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mahallalarda jinoyatchilik qariyb 1,5 baravarga kamaygani qayd etilib, ushbu natijalarni mustahkamlash va tizim samaradorligini yanada oshirish maqsadi ko‘zda tutilgan.

Qarorga muvofiq, har bir mahallada kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar asosida manzilli profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Oila-turmush munosabatlari, shuningdek ayollar va yoshlar ishtirokidagi jinoyatlarning sabablarini ilmiy yondashuv asosida o‘rganish va ularning barvaqt oldini olishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi. Noqonuniy holatlar yuzasidan fuqarolar murojaatlariga tezkor munosabat bildirish tizimi joylarda bevosita yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yildan boshlab kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalar mas’ul rahbarlarga nomma-nom biriktiriladi. Xususan, «qizil» toifadagi mahallalar tuman va shahar hokimlari, prokurorlar, ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiya rahbarlari zimmasiga yuklanadi. Hokimlar har oy kamida ikki marotaba og‘ir mahallalarga chiqib, yoshlar, ayollar va ishsizlar bilan bog‘liq ijtimoiy muammolarni joyida hal etishi belgilandi.

Shuningdek, mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellektdan foydalanish kengaytiriladi. 2026-yil 1-noyabrga qadar «Mening inspektorim» mobil ilovasi orqali fuqarolar profilaktika inspektorlari bilan onlayn muloqot qilish imkoniga ega bo‘ladi. Qaror ijrosi ustidan nazorat Bosh vazir va Prezident Administratsiyasi mas’ul rahbarlari zimmasiga yuklatildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yildan elektron ishonchnomalar platformasi ishga tushirilishi haqida yozgandi.

Shuningdek