Renault Filante avtomobilini taqdim etadi

7-yanvar 2026 11:52 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Renault

Renault Yevropadan tashqaridagi bozorlar uchun mo‘ljallangan yangi flagman krossoveri Renault Filante avtomobilini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Modelning rasmiy premyerasi 13-yanvar kuni Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadi.

Renault Filante E-klassga mansub bo‘lib, u brendning Yevropada sotiladigan Austral, Espace va Rafale modellaridan yuqori pog‘onani egallaydi. Filante Renault’ning Yevropa tashqarisidagi eng yirik va nufuzli krossoveriga aylanishi kutilmoqda.

Model nomi 1956-yilda yaratilgan Etoile Filante va yaqinda taqdim etilgan Filante Record konseptidan ilhomlangan. Biroq seriyali Filante eksperimental emas, balki klassik besh eshikli kuzovda ishlab chiqariladi.

Foto: Renault

E’lon qilingan tizerlarda old bamperga integratsiyalangan noodatiy LED optika, aerodinamik tom chizig‘i va keng kuzovni eslatuvchi orqa qanotlar ko‘rinadi. Salon hozircha oshkor etilmagan. Renault vakillariga ko‘ra, ichki makon yo‘lovchilar qulayligi va zamonaviy raqamli texnologiyalarga yo‘naltiriladi.

Yangi krossover ishlab chiqarilishi Janubiy Koreyaning Pusan shahridagi zavodda yo‘lga qo‘yiladi. Aynan shu yerda allaqachon Renault Grand Koleos ishlab chiqarilmoqda. Ushbu model Geely Monjaro bazasida yaratilgan.

Manbalarga ko‘ra, Renault Filante CMA platformasida quriladi. Ushbu platforma Geely, Volvo va Polestar modellarida qo‘llanadi. U benzinli, gibrid va to‘liq elektr kuch qurilmalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Renault – Nissan alyansi qayta tiklanishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek