Samarqandda bemorning qornidan 200 gramm mix chiqdi

Samarqand viloyatida 29 yoshli erkakning qorin bo‘shlig‘idan 200 gramm mix va samorez olib tashlandi. Bu haqda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali xabar berdi.
Bemor shifoxonaga qornida kuchli og‘riq bilan keltirilgan. Shoshilinch qabul bo‘limida o‘tkazilgan diagnostika va laboratoriya tahlillariga ko‘ra bemorning me’da ichak tizimida katta miqdorda yot jismlar, mix va samorez borligi aniqlangan.
Unga shoshilinch ravishda laparatomiya, gastrostamiya usulida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, qorin bo‘shlig‘idan ushbu jismlar olib tashlangan. Jarrohlik amaliyoti bir soat davom etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak temir jismlarni qattiq stressga tushib, o‘z xatti-harakatlarini nazorat qila olmagan holda yutib yuborgan. Hozirgi vaqtda bemorning ahvoli qoniqarli.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida Siam egizaklar noyob operatsiya orqali ajratib olingandi.