Termiz avtobuslarida naqd pul bekor qilindi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Endilikda shahar avtobuslarida yo‘l haqi faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov chiptalari orqali qabul qilinadi
Foto: Hafiza Muxtorova / Kursiv Uzbekistan

2026-yildan boshlab Termiz shahridagi jamoat transportida naqd pulda to‘lov qilish amaliyoti to‘xtatildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Endilikda shahar avtobuslarida yo‘l haqi faqat naqdsiz shaklda – bank kartalari yoki elektron to‘lov chiptalari orqali qabul qilinadi.

Yo‘lovchilar istalgan bank kartasidan foydalanishi, shuningdek, infokiosklar orqali bir martalik elektron chipta xarid qilishi mumkin. Buning uchun infokiosk qidiruv bo‘limiga avtobus so‘zi kiritilib, Avtobus QR chipta bo‘limi tanlanadi. Telefon raqami va to‘lov summasi kiritilgach, elektron chipta shakllantiriladi.

Xarid qilingan bir martalik chipta avtobusning old qismida o‘rnatilgan validator orqali skaner qilinadi va to‘lov shu tariqa amalga oshiriladi. Agar infokioskdan chipta chiqmay qolsa, uning elektron nusxasini validatorga ko‘rsatish orqali ham yo‘l haqini to‘lash mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, infokiosklar qaytim pul bermaydi, ortiqcha kiritilgan mablag‘ esa yo‘lovchining ko‘rsatilgan telefon raqamiga qaytarib o‘tkaziladi. Hozircha avtobuslarda yo‘l haqi narxlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot e’lon qilinmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijon shahridagi avtobuslarda naqd pul to‘lovlari bekor qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek