Tokiodagi bozorda ulkan baliq 3,2 mln dollarga sotildi

eʼlon qilindi
Baliqning 1 kilosi 13 ming dollardan oshadi
Foto: Getty Images

Yaponiyaning Tokio shahridagi bozorda bo‘lib o‘tgan yilning an’anaviy ilk auksionida tuna balig‘i rekord darajadagi $3,2 millionga sotildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Tokioning Toyosu baliq bozorida 2026-yilning birinchi kimoshdi savdosida Yaponiyaning shimoliy qirg‘og‘ida ushlangan 243 kilogramm (535 funt) og‘irlikdagi ulkan ko‘k tuna balig‘i 510 million iyenaga ($3,2 million) pullandi. Baliq uchun ushbu summani to‘lagan xaridor Kiyomura Corporation bo‘ldi, uning egasi Kiyoshi Kimura mashhur yapon sushi tarmog‘i – Zanmai’ni boshqaradi. Kimura o‘zini «Tuna qiroli» deb ataydi.

Bundan avvalgi auksionlarda ham g‘olib bo‘lgan Kimura bu gal o‘zining 2019-yilda o‘rnatilgan 334 million iyenalik ($2,1 million) avvalgi rekordini yangiladi. Jurnalistlarga bergan intervyusida Kimura baliq uchun biroz kamroq pul to‘lashga umid qilgani, ammo narxi juda qimmatga tushganini aytdi.

Qimmatbaho baliq Oma oroli qirg‘og‘ida ovlangan, bu mintaqa mamlakatning eng yirik orkinos ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi va uning bir kilogrammi 2,1 million iyena ($13 360) turadi.

Avvalroq «Kursiv» 2025-yilning yanvar – oktabr oylarida O‘zbekiston 31 ta davlatdan jami 12,2 ming tonna baliq va dengiz mahsulotlarini import qilganini yozgandi.

Shuningdek