«Tolibon» va aholi o‘rtasida oltin koni uchun bo‘lgan to‘qnashuvda 4 kishi halok bo‘ldi — video

Afg‘onistonning Tahor viloyatida 5-yanvar kuni oltin koni uchun «Tolibon» va aholi o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvda 4 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Afghanistan International xabar berdi.
Nizo ishtirokchisi bo‘lgan ushbu oltin qazib oluvchi kompaniya «Tolibon»ga aloqador bo‘lgan. To‘qnashuvda qurbon bo‘lganlarning 3 nafari aholi vakillari, qolgan bir kishi esa kompaniya xavfsizlik xizmatining xodimi bo‘lgan. Shuningdek, kamida 16 kishi turli darajada jarohat olgan.
Kompaniyalarning oltin qazib olishda ekologiya qoidalariga rioya qilmasligi va suv manbalarining kesib qo‘yilishidan norozi bo‘lgan aholi Dara Fazel hududidagi kompaniya qarorgohiga bostirib kirib, ikkita korxona binosini egallab olgan. Kompaniya xodimlari voqea joyidan qochishga majbur bo‘lgan, ikki qo‘riqchi esa namoyishchilar tomonidan asirga olingan.
Ushbu kompaniyalar yirik giyohvandlik moddalari savdogari va «Tolibon»ning asosiy moliyaviy homiysi Bashar Nurzayga yaqin ekani aytilmoqda. «Tolibon»ning Konlar va neft vazirligi so‘zlovchisi Humoyun Afg‘on 6-yanvar kuni bayonot berib, to‘qnashuvlar yuz berganini tasdiqladi.
Avvalroq «Kursiv» Afg‘onistonda ayollarga qarshi siyosat mamlakat iqtisodiyotiga har yili $1 mlrd zarar yetkazayotganini yozgandi.