WSJ: AQSh Grenlandiyani sotib olish variantini muhokama qilmoqda

eʼlon qilindi
Mark Rubio ushbu rejalar haqida Kongress a’zolariga yopiq brifingda ma’lum qilgan
WSJ: AQSh Grenlandiyani sotib olish variantini muhokama qilmoqda
Foto: RFI

The Wall Street Journal (WSJ) yozishicha, AQSh Grenlandiyani Daniyadan sotib olish masalasini yana kun tartibiga qaytargan. Nashr manbalariga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Mark Rubio ushbu rejalar haqida Kongress a’zolariga yopiq brifingda ma’lum qilgan.

Bu bayonot Donald Trampning Grenlandiyani AQSh tarkibiga qo‘shish haqidagi yana kuchaygan chiqishlari fonida yangramoqda. Oq uy matbuot kotibi Karolin Livitt prezident va uning jamoasi ushbu tashqi siyosiy maqsadga erishishning bir nechta variantlarini ko‘rib chiqayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarurat tug‘ilsa, AQSh qurolli kuchlaridan foydalanish varianti ham inkor etilmaydi.

Donald Tramp prezidentlikdagi ilk muddatidayoq Grenlandiyani sotib olish g‘oyasini ilgari surgan edi. Hozir esa u mazkur hudud AQSh tarkibiga kirishini qat’iy talab qilmoqda. Respublikachi senator Lindsi Grehem ma’muriyat pozitsiyasi muzokaralarga borib taqalishini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, so‘rovlar aksariyat grenlandiyaliklar AQShga qo‘shilish fikriga qarshi ekanini ko‘rsatmoqda. NATOga a’zo davlatlar esa AQSh tomonidan Grenlandiyaga nisbatan har qanday kuch ishlatilishi Yevropa va Amerika o‘rtasidagi ko‘p yillik ittifoqqa jiddiy zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Tarixda AQSh bir necha bor hududlarni sotib olgan. Jumladan, mamlakat Fransiya, Rossiya va Daniyadan hududlar xarid qilgan. Xususan, Kopengagen 1917-yilda AQShga Virjin orollarini $25 mln evaziga sotgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan AQSh Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatmoqchi ekanligi haqida yozgan edi.

Shuningdek