
Rossiyalik UFC chempioni Xabib Nurmagomedov Angliyaning «Manchester Siti» klubi bazasiga tashrif buyurib, jamoa himoyachisi hamda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov hamda Erling Holand bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.

«Abduqodir Husanov bir soatlik uchrashuvimiz davomida bironta ham so‘z aytmadi (tabassum bilan). Alloh seni asrasin, birodar. Butun O‘zbekiston xalqi senga katta umid bog‘lamoqda. Bo‘sh kelma, faqat oldinga!» – deya Abduqodir haqida fikr bildiradi UFC jangchisi uchrashuvdan so‘ng.
Uchrashuv chog‘ida futbolchilar Xabibga klub futbolkasini sovg‘a qildilar va unga dastxat qo‘yib berdilar. Shuningdek, Xabib Nurmagomedov Angliya Premer-ligasining 20-turi doirasidagi «Manchester City» – «Chelsi» uchrashuvini stadiondan bevosita tomosha qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abduqodir Husanov Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan edi.