YTTB Nika Pharm’ga 20 mln dollar ajratadi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Nika Pharm farmatsevtika kompaniyasiga $20 mln miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Mablag‘lar kompaniya balansini qayta tuzish, ishlab chiqarish uskunalari va quvvatlarini modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi. Ishlab chiqarish jarayonlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining GMP standartlariga moslashtiriladi.
Loyiha doirasida mahsulot sifati oshiriladi va ishlab chiqarish yanada samarali bo‘ladi. Natijada umumiy va retsept asosida beriladigan dori vositalari ishlab chiqarish hajmi 140 foizga ko‘payishi kutilmoqda.
Moliyalashtirish Nika Pharm’ga ichki bozordagi mavqeyini mustahkamlash va Markaziy Osiyo davlatlariga eksportni kengaytirish imkonini beradi. Bu tashabbus mahalliy dori ishlab chiqarish ulushini 80 foizga yetkazish bo‘yicha davlat rejasiga ham xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston farmatsevtika sohasida Turkmaniston kompaniyasi bilan hamkorlik qilishi xabar berilgandi. Kelishuv ikki davlat hududida ishlab chiqariladigan farmatsevtika mahsulotlarini xarid qilish, sotish, eksport va import qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.