2027-yildan O‘zbekiston banklarida islomiy moliyalashtirish joriy etiladi

O‘zbekistonda islomiy moliyalashtirish ilk bor 2027-yilda bank tizimida paydo bo‘ladi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasida qayd etilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2029-yilga kelib islomiy moliyaviy xizmatlar ikki bankda mavjud bo‘ladi, 2030-yilga borib esa kamida uchta tijorat bankida to‘liq joriy etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur reja 2023-yil sentabrda tasdiqlangan Strategiyaning dastlabki variantida ham belgilangandi. Biroq yangilangan loyihada ushbu vazifani bosqichma-bosqich amalga oshirish mexanizmi yillarga bo‘lingan holda aniq ko‘rsatib berilgan. Bu esa islomiy moliya tizimini joriy etish jarayonini tizimli va nazorat ostida olib borishni nazarda tutadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasi Senatga yuborilgani haqida yozgandi.
Loyihaga ko‘ra, islomiy bank sifatida faoliyat yuritish uchun litsenziya olish tartibi aniqlashtiriladi, islomiy moliya operatsiyalariga oid tushunchalar ochib beriladi. Shuningdek, bunday banklarga islomiy moliya standartlari asosida savdo faoliyatini yuritish, yuridik shaxslarni tashkil etish hamda ulardagi aksiyalarni sotib olish huquqi beriladi.