Amerikalik investor Rossiyadagi aktivlarini sotib, O‘zbekiston bozoriga kirganini ma’lum qildi

Amerikalik investor, Rogers Holdings kompaniyasi egasi Jim Rojers Rossiya va AQShdagi barcha aktivlarini sotib, pullarini O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritdi. Bu haqda u «RBK» nashriga bergan intervyusida aytdi.
Rojersning aytishicha, 2025-yilning oxiriga yaqin u Rossiyadagi barcha birja aktivlarini sotgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bitim hech qanday chegirmasiz, oddiy tarzda o‘tgan. Investor Rossiya bozoriga narxlar juda tushib ketsa, yana qaytishi mumkinligini ham istisno qilmagan.
Shuningdek, u AQSh iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalarini ham sotib yuborganini aytgan, chunki u bozor pasayishini va sun’iy intellekt atrofidagi ko‘tarilish tushishini kutmoqda. Shu bilan birga, u portfeliga noodatiy yo‘nalish – O‘zbekiston kompaniyalari aksiyalarini qo‘shgan. Investor 2021-yildayoq Forbes nashriga bergan intervyusida ushbu mamlakat bozoriga qiziqayotganini aytgan edi.
So‘nggi bir necha yil davomida Rojers oltin va kumushga ishonib kelgan. 2025-yilda bu g‘oyalar o‘zini oqlagan – ikkala qimmatbaho metall ham juda yuqori daromad keltirgan. Shu bilan birga, investor foydani hozircha qayd etishga shoshilmayotgani va oltin hamda kumushni umrining oxirigacha ushlab turmoqchi ekanini aytgan.
8-yanvar kuni ertalab Brent markali neftning bir barreli taxminan $60 atrofida edi. Rodjersning fikricha, keyingi yilda neft narxlari eng past darajaga yetadi va shundan keyin o‘sishni boshlaydi. Uning aytishicha, yangi harbiy mojarolar xavfi saqlanib qolmoqda va dunyo bo‘yicha ma’lum neft zaxiralari asta-sekin tugab bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Morgan Stanley 2026-yilning to‘rtinchi choragiga borib oltin narxi bir unsiya uchun $4,8 mingga yetishi mumkinligini prognoz qilgandi.