AQSh 66 ta xalqaro tashkilotni tark etishini e’lon qildi

eʼlon qilindi
AQSh chiqayotgan tashkilotlarning 31 tasi BMT tizimi doirasida, yana 35 tasi esa BMTdan tashqarida faoliyat yuritadi
Foto: X ijtimoiy tarmog’i

AQSh prezidenti Donald Tramp 66 ta xalqaro tashkilotdagi a’zolikni to‘xtatish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Bu haqda 7-yanvar kuni Oq uyning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Qarorga ko‘ra, AQSh ushbu tashkilotlar faoliyati mamlakat manfaatlariga javob bermaydi, deb hisoblamoqda.

Ma’lum qilinishicha, AQSh chiqayotgan tashkilotlarning 31 tasi BMT tizimi doirasida, yana 35 tasi esa BMTdan tashqarida faoliyat yuritadi. Oq uy bayonotida qayd etilishicha, mazkur tuzilmalar endi AQSh milliy manfaatlariga xizmat qilmaydi. Tashkilotlarning to‘liq ro‘yxati Oq uyning rasmiy saytida e’lon qilingan.

Ro‘yxatdan Ukrainadagi Ilmiy-texnologik markaz (ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishini oldini olish maqsadida tuzilgan), Venetsiya komissiyasi, BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili ofisi, BMT Demokratiya jamg‘armasi kabi tuzilmalar ham o‘rin olgan.

AQSh davlat kotibi Marko Rubioning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati ushbu tashkilotlarni ortiqcha xarajatli, samarasiz, zararli, yomon boshqariladigan yoki AQShning davlat suvereniteti, erkinliklari va umumiy farovonligiga tahdid soluvchi deb baholagan. Rasmiylarga ko‘ra, mazkur qaror AQSh tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqish va xalqaro majburiyatlarni milliy manfaatlar asosida optimallashtirish siyosatining bir qismi hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari uchun viza garov puli talabini joriy qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek