
Angliya Premyer-ligasining 21-turi doirasida «Manchester Siti» o‘z maydonida «Brayton»ni qabul qilib, 1:1 hisobida durang qayd etdi. «Shaharliklar» safida harakat qilayotgan Abduqodir Husanov uchrashuvni asosiy tarkibda boshlab, to‘liq 90 daqiqa harakat qildi.
Abduqodir Husanov 80 marta to‘pga tegib, amalga oshirgan 71 ta uzatmasining 66 tasini aniq manzilga yetkazdi. Sofascore portali o‘zbekistonlik futbolchining harakatlarini 7,1 ball bilan baholadi. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb «Manchester Siti» a’zosi Rayan Sherki (7,9 ball) topilgan bo‘lsa, «Brayton»ning goliga mualliflik qilgan Kaoru Mitoma 7,8 ballga loyiq ko‘rildi.

O‘yindan so‘ng «Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola Husanov haqida iliq fikrlar bildirdi. Mutaxassis, shuningdek, Husanov o‘yin jarayoniga faolroq qo‘shilishi va dadilroq harakat qilishi kerakligini, bu vaqt masalasi ekanini ta’kidladi.
«Abduqodir Husanov juda ajoyib futbolchi. U raqib uzatmalarni yaxshi nazorat qilib, o‘z tezligi orqali maydondagi ochiq hududlarni to‘liq yopib bera oladi. U juda tezkor. Albatta, Abduqodir hali o‘z o‘yinini yanada rivojlantiradi», – dedi murabbiy.

Ushbu durang «Manchester Siti» uchun Premyer-ligadagi ketma-ket uchinchi g‘alabasiz o‘yin bo‘ldi. Sky Sports nashriga bergan intervyusida Gvardiola chempionlik uchun kurash qiyinlashganini tan oldi. Ayni paytda «Manchester Siti» 43 ochko bilan peshqadam «Arsenal»dan 5 ochkoga ortda qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xabib Nurmagomedov Abduqodir Husanovdan dastxat olgani haqida xabar bergan edi.