
BYD kompaniyasi mahsulot liniyasidagi Song Plus modelining ishlab chiqarilishini rasmiy ravishda to‘xtatdi. Bu haqda Autohome nashri ma’lum qildi.
Song Plus avval bestseller krossoveri 2020-yil sentabr oyida benzinli versiya bilan taqdim etilgan va 2021-yilda BYD DM-i Super Hybrid tizimiga ega gibrid versiyasi – Song Plus DM-i sotuvga chiqarilgan. Model tez orada xaridorlar orasida katta qiziqish uyg‘otgan. Savdo cho‘qqisi 2022-yil noyabr oyida kuzatilgan. O‘shanda 63,6 ming dona Song Plus sotilgan va krossover haqiqiy savdo qiroli sifatida e’tirof etilgan.
So‘nggi yillarda Dynasty va Ocean mahsulot liniyalarini soddalashtirish natijasida Song Plus asta-sekin o‘z pozitsiyasini yo‘qotgan. 2025-yil noyabr oyida model savdosi 7,8 ming birlikni tashkil etib, BYD modellari orasida 11-o‘ringa tushgan. Shu bilan birga, yangi Sea Lion 06 modeli allaqachon 25 ming birlik bilan 2-o‘rinni egallagan va Song Plus o‘rnini brend liniyasida egallamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilning eng yaxshi gibrid avtomobillari haqida yozgan edik.