Yangiliklar

ChatGPT’da sog‘liq bo‘yicha yangi bo‘lim beta rejimida ishga tushdi

Hozircha funksiya faqat kutish ro‘yxatidagi foydalanuvchilar uchun ochiq
ChatGPT
Foto: Digital Floats

ChatGPT’da sog‘liq masalalariga bag‘ishlangan yangi bo‘lim – ChatGPT Health ishga tushirildi. Bu haqda OpenAI kompaniyasi ma’lum qildi.

Hozircha funksiya faqat kutish ro‘yxatidagi foydalanuvchilar uchun ochiq, ammo kompaniya uni yaqin vaqt ichida barcha foydalanuvchilarga taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Yangi bo‘lim foydalanuvchilarning sog‘lig‘iga oid savollarni muhokama qilish uchun alohida va xavfsiz makon sifatida ishlab chiqilgan. OpenAI’ga ko‘ra, har hafta 230 milliondan ortiq foydalanuvchilar ChatGPT’ga tibbiy mavzularda murojaat qiladi. ChatGPT Health aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib, sog‘liq haqidagi ma’lumotlarni ChatGPT intellekti bilan birlashtiradi.

Ushbu bo‘lim orqali foydalanuvchilar kasalliklar tarixini kuzatishi, tahlil natijalarini tushunishi yoki shifokor qabuliga oldindan tayyorgarlik ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, jismoniy mashqlarni rejalashtirish, ovqatlanish ratsionini tanlash va tibbiy sug‘urta bo‘yicha tavsiyalar olish imkoniyati ham yaratiladi. ChatGPT Health Apple Health, MyFitnessPal kabi sog‘liq servislariga ulanadi, AQShdagi foydalanuvchilar esa tibbiy kartalariga cheklangan kirish berishlari mumkin.

OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, yangi bo‘limda maxfiylik va ma’lumotlarni himoyalash bo‘yicha kuchaytirilgan choralar qo‘llanadi. Sog‘liqqa oid ma’lumotlar chatlardan tashqariga uzatilmaydi va asosiy modellarni o‘qitishda ishlatilmaydi. Kompaniya ChatGPT Health’ni tibbiy xizmatni almashtiruvchi emas, balki foydalanuvchini muhim tibbiy suhbatlarga yaxshiroq tayyorlovchi yordamchi vosita sifatida taqdim etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OpenAI ChatGPT ichida ishlaydigan ilovalar katalogini ishga tushirgani haqida yozgandi.