Avto

Chevrolet Corvette va Spark: dunyoning eng yaxshi avtomobillari uchun nomzodlar e’lon qilindi

World Car of the Year mukofotining yarim finalchilari ma’lum qilindi
Chevrolet Corvette E-Ray / Foto: Autocar

World Car of the Year mukofotining 2026-yil uchun yarim finalchilari ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, tashkilotchilar 58 ta nomzod orasidan asosiy sovrin uchun da’vogarlik qiladigan 10 ta avtomobilni va qo‘shimcha besh nominatsiya bo‘yicha beshtadan modelni saralab oldi. Finalchilar 3-mart kuni, g‘oliblar esa 1-aprel kuni Nyu-Yorkda e’lon qilinadi.

Asosiy nominatsiya, ya’ni World Car of the Year 2026 uchun kurashda Audi Q5/SQ5, BMW iX3, BYD Seal 6 DM-i, Hyundai Ioniq 9, Hyundai Palisade, Kia EV4, Kia EV5, Mercedes-Benz CLA, Nissan Leaf va Toyota RAV4 modellari qatnashadi. Ro‘yxatda elektromobillar, gibridlar va an’anaviy ichki yonuv dvigatelli mashinalar birgalikda kiritilgani bozor yo‘nalishlari qanday o‘zgarayotganini ko‘rsatadi.

Audi A6 e-tron / Foto: ijtimoiy tarmoq

Elektromobillar nominatsiyasida Audi A6 e-tron/S6 e-tron, BMW iX3, Hyundai Ioniq 9, Mercedes-Benz CLA va Nissan Leaf o‘zaro bellashadi. Hashamatli avtomobillar toifasida esa Audi A6 va A6 e-tron oilasi, Cadillac Vistiq, Lucid Gravity hamda Volvo ES90 yarim finalga chiqdi.

Sport avtomobillari orasida BMW M2 CS, Chevrolet Corvette E-Ray, Hyundai Ioniq 6 N, Land Rover Defender OCTA va Mercedes-AMG GT 63 Pro eng kuchli beshlikdan joy oldi. Bu yerda Chevrolet’ning gibrid superkari Corvette E-Ray alohida e’tibor tortmoqda.

Shahar avtomobillari nominatsiyasida Alfa Romeo Junior, Baojun Yep Plus/Chevrolet Spark EUV, Firefly, Hyundai Venue va Wuling Binguo/Ari Poly modellariga baho beriladi. Dizayn bo‘yicha esa Firefly, Kia PV5, Lynk & Co 08, Mazda 6e/EZ-6 va Volvo ES90 yarim finalchilari sifatida tanlandi.

Endi hakamlar har bir avtomobilni alohida baholab chiqadi. Natijada 2026-yilning eng yaxshi avtomobillari qaysi modellar bo‘lishi bahor boshida aniq bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda chiqishi kutilayotgan premium avtomobillar haqida ma’lumot berilgandi.