Chiqindi bo‘yicha aholi qarzdorligi 622 mlrd so‘mdan oshdi

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi 2025-yilning 31-dekabr holatiga ko‘ra, aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun hisoblangan 1 trln 454 mlrd so‘m to‘lovlarning 90 foizi qoplanganini ma’lum qildi.
Ya’ni aholi 1 trln 304 mlrd so‘m to‘lagan. Bundan ko‘rinadiki, oldingi yillarda to‘lanmagan mablag‘larni inobatga olganda, umumiy qarz hajmi sezilarli darajada oshgan. O‘tgan yil 15,1 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan.
Ayni paytda ko‘rsatilgan xizmatlardan aholining debitor qarzdorligi 622,7 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Haqiqatda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan noreal debitor qarzdorliklar esa 211,9 mlrd so‘mga teng va ular elektron tizimdan chiqarilgan.
2025 yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, sanitar tozalash sohasiga kiritilgan xususiy investitsiyalar hajmi 386,5 mlrd so‘mni tashkil etdi. Korxonalar maxsus texnika, konteynerlar, chiqindilarni saralash va qayta ishlash infratuzilmasini yangilashga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirdi.
Avvalroq «Kursiv» 2030-yilgacha maishiy chiqindi poligonlari 50 foizga qisqartirilishi haqida yozgandi.