Davlat raqami belgilarini berishda cheklovlar kuzatilmoqda

«Uzavtomotbelgi» davlat unitar korxonasida davlat raqami belgilarini ishlab chiqarish tizimi modernizatsiya qilinmoqda. Shu sababli ayrim turdagi davlat raqami belgilarini tayyorlash va berish jarayoni vaqtincha cheklangan, deya ma’lum qilmoqda Avtostrada.
Unga ko‘ra, joylardagi ruxsatnoma bo‘linmalarida ayrim raqam belgilarida yetishmovchilik kuzatilmoqda. Biroq bu holat transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘sqinlik qilmaydi. Fuqarolarning murojaatlari qabul qilinmoqda, hujjatlar rasmiylashtirilmoqda va avtomobillar belgilangan tartibda ruxsatga olinmoqda.
2025-yil dekabr oyidan boshlab avtomobil egalari oddiy «bepul» davlat raqami belgisini olish imkoniyatiga ega emas. Avtomobilni faqat VIP raqam sotib olgan holda rasmiylashtirish mumkin (narxi 7 mln so‘m) yoki raqam berilishini kutib, vaqtincha raqamsiz harakatlanish zarur bo‘lmoqda. Shuningdek, sug‘urta polisini raqamsiz rasmiylashtirishning ham imkoni yo‘q.
Davlat raqami belgilarini ishlab chiqarish jarayoni qayta yo‘lga qo‘yilgach, fuqarolar bilan alohida bog‘lanib, raqamlar belgilangan tartibda topshiriladi. Xususan, 2026-yil 7-yanvar kuni ariza topshirgan fuqaro ham ishlab chiqarish jarayoni boshlanishi bilan xabardor qilinishi va unga davlat raqami belgisi berilishi mazmunidagi javobni olgan.
Ma’lumot uchun, biz bilan suhbatda bo‘lgan fuqarolar ham avtoraqam olishda shu kabi muammoga duch kelganini tasdiqladi. Kursiv Uzbekistan bu masala bo‘yicha YHXXning rasmiy sahifalariga murojaat yo‘lladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2027-yilda O‘zbekistonda ilk pullik avtomobil yo‘llari ishga tushishi haqida yozgan edik.