Yangiliklar

Google Gemini Enterprise obunasini bir oyga bepul taqdim etmoqda

Obunani oddiy foydalanuvchilar ham bank kartasisiz rasmiylashtirishi mumkin
Foto: Search Engine Journal

Google kompaniyasi Gemini Enterprise Business Edition obunasiga bir oylik bepul kirish imkonini taqdim etdi. Ushbu paket o‘z ichiga Gemini 3 Pro, video yaratish uchun Veo 3.1 va tasvirlar bilan ishlash uchun Nano Banana neyron tarmoqlarini oladi.

Tarif rejasi asosan korporativ segmentga mo‘ljallanganiga qaramay, uni istalgan foydalanuvchi rasmiylashtirishi mumkin. Google sun’iy intellekt xizmatlariga ulanish va ulardan foydalanish uchun xorijiy IP-manzil talab qilinadi, ammo bank kartasi ma’lumotlarini kiritish shart emas. Obunani faollashtirish uchun maxsus sahifada Business Edition tarifi tanlanadi.

Foto: Ekran tasviri

Faollashtirishdan so‘ng foydalanuvchilar 30 kun davomida Google neyron tarmoqlarining barcha imkoniyatlaridan oshirilgan limitlar bilan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Gemini Enterprise versiyasi kompaniyalarning ichki ma’lumotlari bilan ishlashga moslashtirilgan. Shuningdek, jarayonlarni avtomatlashtirish uchun Office 365 kabi ichki platformalarga ulanish va shaxsiy AI-agentlarni yaratish imkoniyati mavjud.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google Gemini 3’ning yangi versiyasini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.