Markaziy bankning valyuta bozoridagi faol ishtiroki hanuz saqlanib qolmoqda — ekspert

eʼlon qilindi
Xalqaro valyuta jamg‘armasi konsultanti va Angliya bankining sobiq eksperti Simon Gray fikrlari
Markaziy bankning valyuta bozoridagi faol ishtiroki hanuz saqlanib qolmoqda
Markaziy bankning valyuta bozoridagi faol ishtiroki hanuz saqlanib qolmoqda / Foto: MB

Xalqaro valyuta jamg‘armasi konsultanti va Angliya bankining sobiq eksperti Simon Grayga ko‘ra, Markaziy bankning valyuta bozoridagi faol ishtiroki hanuz sezilarli darajada saqlanib qolmoqda. Ekspert bu haqda O‘zbekiston Markaziy bankida o‘tkazilgan «Inflyatsion targetlash rejimida suzuvchi valyuta kursining ahamiyati» mavzusidagi xalqaro davra suhbatida aytgan.

Simon Gray 2016 – 2017-yillardan boshlab O‘zbekistonda almashuv kursi siyosatini liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar makroiqtisodiy boshqaruvda muhim burilish yasaganini ta’kidladi. Bu orqali qisqa muddatda yagona va moslashuvchan valyuta kursi joriy etildi hamda narxlarning bozor mexanizmlari asosida shakllanishi uchun sharoit yaratildi.

«Shu bilan birga, Markaziy bankning valyuta bozoridagi faol ishtiroki hanuz sezilarli darajada saqlanib qolmoqda. Bu, xususan, ichki bozorda ishlab chiqarilayotgan oltinni xarid qilish va mazkur operatsiyalarni chet el valyutasi savdosi orqali sterilizatsiya qilish bilan bog‘liq. Bunday sharoitda muammo Markaziy bankning bozorga kirishi emas, balki ushbu ishtirokning oldindan taxmin qilinadigan va shaffof bo‘lishidir», – deydi Gray.

Unga ko‘ra, agar kundalik operatsiyalar noaniq yoki haddan tashqari erkin tarzda amalga oshirilsa, Markaziy bank bozor ishtirokchilari tomonidan narx belgilovchi sifatida qabul qilinishi mumkin.

Shu sababli mutaxassis valyuta birjasidagi savdo mexanizmlarini takomillashtirish, market-meykerlar faoliyatini aniq qoidalar asosida tartibga solish va institutsional o‘zgarishlarni bosqichma-bosqich joriy etish muhim deb baholamoqda.

Eng muhim omillardan biri sifatida kommunikatsiya siyosati ko‘rsatilgan. Markaziy bank bozorga qachon va qanday sharoitda kirishini, valyuta intervensiyalari qaysi maqsadga xizmat qilishini hamda fiskal siyosat almashuv kursiga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniq tushuntirib borishi zarur. Chunki bozor uchun joriy kursdan ko‘ra kutilmalar muhimroq hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yil davomida dollar kursi qanday o‘zgargani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, yil boshida ayrim iqtisodchilar AQSh valyutasining keskin oshishini taxmin qilgan bo‘lsa-da, yil oxirida ko‘rsatkichlar mutlaqo boshqacha tendensiyani ko‘rsatdi.

Shuningdek