
Mercedes-Benz CES 2026 ko‘rgazmasida mashhur Mercedes-Benz GLC krossoverining to‘liq elektr versiyasini namoyish etdi. Ushbu model avtomobil sanoati tarixida ilk bor rasmiy sertifikatlangan charmsiz salon variantini taklif qilmoqda.
Vegan Package deb nomlangan interyerda hayvonlardan olingan hech qanday material ishlatilmagan. Salon elementlari hayvonlar ustida sinovdan ham o‘tkazilmagan. Bu holat Vegan Society tomonidan tasdiqlangan. Tashkilot Mercedes-Benz’ning ta’minot zanjirini ikki yildan ortiq vaqt davomida auditdan o‘tkazib, 100 dan ortiq komponentni tekshirgan.
Audit jarayonida sun’iy charm, tekstil, gilamchalar va shift qoplamalari alohida ko‘rib chiqildi. Tarkibida hayvon mahsulotlari bo‘lgan qismlar muqobil materiallar bilan almashtirildi. Shuningdek, interyerdan hayvoniy komponentlar bilan ifloslanish xavfi minimallashtirildi. Elektr GLC salonida qayta ishlangan materiallar ulushi ham yuqori.
Elektr Mercedes-Benz GLC 483 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan. Krossoverning maksimal tezligi 210 km/soat bilan cheklangan. 94 kVt/soatli batareya bir zaryadda 713 km gacha yurish imkonini beradi. 800 voltli tizimga ega tezkor quvvatlash 330 kVt quvvatni qo‘llab-quvvatlaydi va 10 daqiqada taxminan 300 km masofani to‘ldirish imkonini beradi.
Model sun’iy intellektga asoslangan MB.OS platformasida ishlaydi. To‘rtinchi avlod MBUX tizimi Microsoft va Google’ning AI texnologiyalari bilan integratsiya qilingan. Xaridorlar ixtiyoriga 39,1 dyuymli MBUX Hyperscreen ham taklif etiladi. Bu Mercedes-Benz avtomobillaridagi eng katta ekran hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mercedes-Benz yangi elektr GLC modelini namoyish qilgani haqida yozgan edi.