Gadjetlar

Motorola Signature smartfoni qanday narxda sotiladi

Motorola Signature faqat bitta konfiguratsiyada sotuvga chiqadi
Foto: Motorola

Motorola yangi flagman Motorola Signature smartfonini rasman namoyish qildi. Qurilma Buyuk Britaniya va Germaniyada 1000 yevroga sotiladi.

Motorola Signature faqat bitta konfiguratsiyada sotuvga chiqadi. Smartfon 12 GB tezkor xotira va 512 GB ichki xotiraga ega. Hozircha oldindan buyurtmalar ochilmagan. Foydalanuvchilarga faqat sotuvlar boshlanishi haqida xabardor bo‘lish uchun sayt orqali ariza qoldirish taklif etilmoqda.

Qurilma flagman sifatida joylashtirilgan bo‘lsa-da, u Qualcomm ishlab chiqqan Snapdragon 8 Gen 5 platformasiga asoslangan. Smartfon 6,8 dyuymli AMOLED displey bilan jihozlangan. Ekran 165 Hz yangilanish chastotasini va 6 200 kandelagacha yetadigan yuqori yorqinlik darajasini taklif qiladi.

Kamera tizimi ham flagman darajasida. Old kamera 50 MP bo‘lsa, orqa panelda uchta 50 MP modul joylashgan. Akkumulyator sig‘imi 5200 mA/soatni tashkil etadi. Qurilma 90 vattli simli va 50 vattli simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Motorola Signature korpusi atigi 6,99 mm qalinlikka ega. Smartfon IP69 himoya standartiga javob beradi va ishlab chiqaruvchi unga yetti yil davomida dasturiy ta’minot yangilanishlarini va’da qilmoqda. 1000 yevrolik narx ushbu modelni Snapdragon 8 Gen 5 protsessoriga ega eng qimmat smartfonga aylantirdi. Bu ko‘rsatkich hatto ayrim Snapdragon 8 Elite Gen 5 asosidagi qurilmalardan ham yuqori.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Motorola Signature kamera sinovlarida iPhone’ni ortda qoldirgani haqida yozgan edi.