Noqulay va sovuq havo 17-yanvargacha saqlanib qoladi — Ekologiya qo‘mitasi

eʼlon qilindi
Antitsiklonlar kirib kelishi bilan yog‘ingarchilik bo‘lishi va shamol tezligi oshishi kutilmoqda
Foto: Ijtimoiy tarmoq

So‘nggi kunlarda kuzatilayotgan noqulay va sovuq havo 17-yanvargacha saqlanib qoladi. Vaziyat yuzasidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov rasmiy ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, kunduzgi va kechki havo harorati ayrim joylarda 14 darajagacha keskin farq qilayotgani bildirildi. Tuman tushishi va shamol tezligining pasayishi ifloslantiruvchi moddalar tarqalishini qiyinlashtirmoqda. Natijada zararli moddalarning atmosfera havosida to‘planishi kuchaymoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, Maxsus komissiya faoliyati to‘xtatilmagan. U aholini muntazam xabardor qilmoqda va tegishli tashkilotlar ishini muvofiqlashtirmoqda. Asosiy e’tibor sanoat va xo‘jalik subyektlarida ekologik reydlar hamda nazorat tadbirlariga qaratilgan.

Noqulay ob-havo sharoitida antropogen yuklamani kamaytirish maqsadida ayrim korxonalarning quvvatlari cheklanmoqda. Zarur holatlarda ishlab chiqarish jarayonlari vaqtincha to‘xtatiladi. 1 – 7-yanvar kunlari Toshkent shahridagi 12 ta va Toshkent viloyatidagi 22 ta korxonada tekshiruvlar o‘tkazildi. Atmosfera havosini ifloslantirgan o‘nlab avtotransport vositalariga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Antitsiklonlar kirib kelishi bilan yog‘ingarchilik bo‘lishi va shamol tezligi oshishi kutilmoqda. Shu orqali atmosfera havosi sifati bosqichma-bosqich normallashadi. Harorat inversiyasi qisqa muddatli va oldindan prognoz qilinadigan hodisa ekani qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri noqulay ob-havo sababli bir qator reyslar muqobil aerodromlarga yo‘naltirilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek