
Ijtimoiy himoya milliy agentligining xabar berishicha, 2025-yilning noyabr oyida Oʻzbekistonda ehtiyojmand oilalarga 1,2 trln soʻmga teng bir martalik moddiy yordam toʻlab berildi.
Ushbu pullarni olgan oilalar soni 1 mln 161 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Agentlik ajratilgan moddiy yordamlar hisobiga fuqarolar isitish mavsumi uchun ko‘mir zaxirasi yaratish, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘lgani, bu esa ehtiyojmand aholi xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilayotganini yozgan.
Ta’kidlanishicha, ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi bo‘yicha oyiga bazaviy me’yordan ortiq 150 kVtgacha va tabiiy gaz bo‘yicha isitish mavsumida 250 kub metrgacha (isitish mavsumidan tashqari oylar uchun 150 kub metr) ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yoridan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib berilmoqda.
2025-yil 1-maydan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha bazaviy me’yoridan ortiq iste’mol qilgan 562,9 ming ta ehtiyojmand oilaga 41,6 mlrd so‘m kompensatsiya pul to‘lovlari to‘lab berilgan. Shundan elektr energiya uchun 30,0 mlrd so‘m va tabiiy gaz uchun esa 11,6 mlrd so‘m. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, 2024 – 2025-yilgi isitish mavsumidagi elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha bazaviy me’yoridan ortiq iste’mol qilgan 207 ming 962 ta ehtiyojmand oilaga 23,3 mlrd so‘m kompensatsiya pullari to‘lab berilgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalar 1-fevraldan boshlab elektr energiyasi va gaz xarajatlari uchun subsidiya olishga onlayn tarzda murojaat qilishi mumkinligi haqida xabar bergandi.