Poytaxtdagi hokimlik mansabdori pora bilan qo‘lga tushdi

Toshkent shahridagi hokimiyat tizimida sodir etilgan noqonuniy holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, Uchtepa tumani hokimligining Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi tadbirkordan $3 ming miqdorida pora olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, u joriy yilda Uchtepa tumani hududida buzilishi rejalashtirilgan savdo do‘konlari va boshqa obyektlar ro‘yxati tuzilayotgani vajini keltirib, tadbirkorga tegishli do‘konni mazkur ro‘yxatga kiritmaslik va buzdirilmasligini ta’minlashni va’da qilgan. Buning evaziga esa tuman hokimligida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali masalani hal qilib berishini aytib, pul talab qilgan.
Mazkur holat yuzasidan bosh mutaxassisga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada sud boshqaruvchisi yordamchisi pora bilan qo‘lga olingan edi.