Qashqadaryoda fermerning 500 gektar yeri o‘zidan bexabar auksionga chiqarildi

Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi fermer xo‘jaligiga qarashli yer tegishli hujjatlarsiz auksionga chiqarib yuborilgani aniqlandi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga Ko‘kdalada faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaligi yer maydonini zaxiraga qaytarish to‘g‘risidagi qarordan norozi bo‘lib, murojaat yo‘llagan.
Ma’lum bo‘lishicha, xalq deputatlari Ko‘kdala tumani Kengashi qarori bilan fermer xo‘jaligiga tegishli 500 gektar yer maydoni «o‘z xohishi bilan qaytarilgan» degan asosda zaxiraga olingan va auksionga chiqarilgan. Vaholanki, fermer yerdan voz kechish bo‘yicha notarial tasdiqlangan ariza bermagan.
Shu tariqa viloyat kengashining qarori bilan quyi kengashning noqonuniy qarori bekor qilindi va fermerning 500 gektar yeri auksion orqali sotilishining oldi olindi.
Ma’lumot uchun, prezidentning 2022-yil 24-avgustdagi farmoniga asosan, 2022-yil 1-sentabrdan yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda unga bo‘lgan huquqning bekor qilinishini Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan rasmiylashtirish bekor qilingan. Bunda yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish to‘g‘risida notarial tasdiqlangan ariza ushbu yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida fermer xo‘jaligining yerini sotmoqchi bo‘lganlar ushlangandi.