Qozog‘istondan O‘zbekistonga un yetkazib berish hajmi ikki baravarga oshdi

2025-yil yanvar – noyabr oylarida O‘zbekiston Qozog‘istondan ozuqaviy un xarid qilish hajmini qariyb ikki baravar oshirdi. Dekabr boshiga kelib yetkazib berish hajmi 7,8 ming tonnaga yetdi. Bu haqda «APK-Inform» ma’lumot berdi.
O‘zbekistonga yetkazib berish hajmining oshishi Qozog‘istonda ozuqaviy un eksportining keskin ko‘payishi fonida kuzatilmoqda. 11 oy davomida ushbu mahsulot eksporti 2,65 mln tonnani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 2,5 baravardan ko‘proq.
Qozog‘iston ozuqaviy unining asosiy bozori hanuz Xitoy bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston va Tojikiston ham import hajmini oshirmoqda. Masalan, Tojikiston dekabr boshiga qadar 11,44 ming tonna un import qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi yillik inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etdi. Dekabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari esa 1,5 foizga qimmatlashdi. Xususan, un mazkur oyda o‘rtacha 0,3 foizga qimmatlashgan, ammo yil davomida 4,7 foizga arzonlashdi.