Yangiliklar

Rekord: O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari dekabr oyida 5,1 mlrd dollarga oshdi

2025-yil dekabr oyi yakunlariga $66,3 mlrdni tashkil etdi
Oltin narxi 3,8 ming dollardan oshib, rekordni yangiladi
Foto: FreerLaw / depositphotos.com

O‘zbekiston Markaziy bankining oltin-valyuta zaxiralari 2025-yil dekabr oyi yakunlariga ko‘ra, sezilarli oshib, $66,3 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank saytida rasmiy ma’lumotlar e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, faqat dekabr oyining o‘zida zaxiralar $5,1 mlrdga ko‘payib, tarixiy rekord darajani qayd etdi.

Yil davomida zaxiralarning o‘sish sur’ati yuqoriligini saqladi. Xususan, sentabr oyida zaxiralar $4,9 mlrdga, oktabrda $4,3 mlrdga, noyabrda esa $1,9 mlrdga oshgan. Yil yakunlari bo‘yicha oltin-valyuta zaxiralari hajmi $25,1 mlrdga ko‘paydi, bu so‘nggi yillardagi eng yuqori yillik o‘sishlardan biri hisoblanadi.

Dekabr oyida valyuta zaxiralari ham sezilarli kengaydi. Ularning hajmi $9,8 mlrddan $10,6 mlrdga yetdi. Shu bilan birga, zaxiralardagi oltinning qiymati bir oyda $4,2 mlrdga oshib, $55,1 mlrdni tashkil etdi. Oltinning jismoniy hajmi ham 12,2 mln troy unsiyadan 12,6 mln troya unsiyagacha ko‘tarildi.

Bundan tashqari, 2025-yil yakunlari bo‘yicha Markaziy bank portfelidagi xalqaro qimmatli qog‘ozlar hajmi keskin oshdi. Yil boshida ularning qiymati atigi $101,7 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich $1,5 mlrdga yetdi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston noyabr oyida oltin xaridi bo‘yicha dunyoda kuchli uchlikka kirgani haqida yozgandi.