Rivian 20 mingga yaqin elektromobilni texnik nosozlik sababli qaytarib oladi

Rivian Automotive kompaniyasi AQShda 19,6 mingta R1S va R1T elektromobillarini ortga qaytarib olmoqda. Bunga orqa g‘ildirakning noto‘g‘ri yig‘ilgani sabab bo‘lgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi orqa g‘ildirak boltlarini bepul almashtirib berishini ma’lum qildi. Kompaniya ushbu nosozlik bilan bog‘liq faqat bitta avtohalokat va yengil jarohat holatidan xabardor ekanligini bildirgan. Ushbu muammo texnik xizmat ko‘rsatish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar oqibatida yuzaga kelgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Rivian jami 42 mingta avtomobil ishlab chiqargan va mijozlarga yetkazib bergan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda NHTSA Rivian kompaniyasi 35 mingta elektr furgonni qaytarib olayotganini ma’lum qilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida xabar bergan edi.