Rossiyaliklar hisobiga O‘zbekistondagi mehmonxonalarga talab 78 foizga oshdi

Rossiyaliklarning O‘zbekiston mehmonxonalariga yangi yildagi talabi 78 foizga oshdi. Bu haqda «Ostrovok» onlayn mehmonxona va kvartira bron qilish xizmatiga tayangan holda «Ria Novosti» xabar berdi.
Xizmat tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, 26-dekabrdan 11-yanvargacha bo‘lgan davrda eng mashhur sayohat yo‘nalishlari orasida MDH davlatlari, shuningdek, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari o‘rin olgan. Eng yuqori talabga ega 10 ta mamlakat esa: Belarus Respublikasi, Tailand, Turkiya, BAA, O‘zbekiston, Gruziya, Qozog‘iston, Armaniston, Abxaziya va Xitoy.
Talabning eng katta o‘sishi Qozog‘iston, Xitoy va BAAda kuzatildi. Ushbu yo‘nalishlarda bronlar ikki baravarga yetgan. Armanistonda talab 83 foizga, O‘zbekistonda 78 foizga, Gruziyada esa 70 foizga ko‘tarildi.
Shuningdek, xizmat kompaniyasi bu yilgi sayohatlar uchun talabning oshishiga bayramlar davomiyligining uzayishi hamda rublning kuchayishi sabab bo‘lganini ta’kidlamoqda. Masalan, Xitoy, Italiya va O‘zbekistondagi mehmonxonalarda o‘rtacha bir kecha narxi yil davomida 14 foizga kamaygan, Turkiyada – 12 foiz, BAA va Taylandda esa 10 foizga pasaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vyetnam kompaniyasi O‘zbekistonda turarjoy va mehmonxonalar qurishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.