Tramp O‘zbekistonda tekshirilmoqda

O‘zbekistondagi litsenziyaga ega kriptobirja saytida A, KWAV, KBH, KHAI, AMF hamda Amerika prezidenti Donald Tramp sharafiga yaratilgan TRUMP kriptoaktivlari tekshirilayotgani haqida ma’lumot chiqmoqda.

Kursiv Uzbekistan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hamda O‘zbekistonda litsenziyalangan UZNEX kriptobirjasiga nega ushbu aktivlar tekshirilayotgani va u qachongacha davom etishi haqida so‘rov yubordi.
2025-yilda Tramp uchun uning saylovoldi jamoasi ishtirokida kriptovalyutalar ishga tushirildi.
Ular orasida OFFICIAL TRUMP (TRUMP) va OFFICIAL MELANIA (MELANIA) memekoinlari bor, ular dastlab prezident va uning rafiqasi Melaniya Tramp tomonidan shaxsiy ijtimoiy tarmoq akkauntlarida loyihalarni qo‘llab-quvvatlovchi postlar bilan targ‘ib qilingan. TRUMP 2025-yil boshida, Donald Trampning inauguratsiyasidan ikki kun oldin — 18-yanvarda — Solana (SOL) blokcheynida ishga tushirilgan va darhol narx cho‘qqisiga chiqqan. CoinMarketCap ma’lumotlariga ko‘ra, TRUMP tokenining qiymati bir vaqtlar $75 dan oshgan, MELANIA tokeni esa deyarli $14 ga baholangan.
Ushbu memekoinlarning chiqarilishi kripto hamjamiyati ichida ham, tashqarisida ham turli xil reaksiyalarga sabab bo‘ldi. Ba’zilar buni sanoatni qonuniylashtirish yo‘lidagi qadam deb hisoblagan, boshqalar esa qattiq tanqid qilib, axloqiy me’yorlarning yana bir buzilishi va o‘z mavqeyidan foyda olish usuli deb atagan.
Avvalroq «Kursiv» internet monitoringi davomida kriptoaktivlar niqobi ostida faoliyat yurituvchi Lionsgate moliyaviy piramidasi fosh etilgani haqida yozgandi.