
Xitoyning Autohome nashri sovuq ob-havo sharoitida gibrid avtomobillarning yurish zaxirasini aniqlash bo‘yicha keng ko‘lamli sinov natijalarini e’lon qildi.
Tadqiqotlar mamlakatning eng sovuq hududlaridan biri — Ichki Mongoliyadagi Yakesh shahrida, -10 dan -25 darajagacha bo‘lgan haroratda o‘tkazildi. Sinovlar yakuniga ko‘ra, Geely kompaniyasiga tegishli Galaxy A7 modeli eng yaxshi natijani qayd etib, qish sharoitida ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan yagona gibrid avtomobil bo‘ldi.

Sinov jarayonida turli segmentlarga mansub 18 ta gibrid model ishtirok etdi. Barcha avtomobillar bir xil sharoitda, soatiga 70 km tezlikda harakatlangan. Sinov boshlanishidan oldin mashinalar to‘liq quvvatlangan va ishlab chiqaruvchi tavsiya etgan oktan sonidagi benzin bilan to‘ldirilgan. Natijalar gibrid tizimlarning sovuq iqlimda qanchalik samarali ishlashini yaqqol ko‘rsatib berdi.
Eng yaxshi natijani ko‘rsatgan Geely Galaxy A7 1017,3 km masofani bosib o‘tdi. Undan keyingi o‘rinlarni BYD Qin L DM-i (937,4 km) va Roewe M7 DMH (872,8 km) egalladi. Shu bilan birga, ayrim premium modellar kutilganidan past natija qayd etdi. Masalan, Zeekr 9X atigi 629,6 km masofani yura oldi. Bu esa avtomobil narxi doimo real ekspluatatsiya samaradorligini anglatmasligini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislar Geely Galaxy A7’ning muvaffaqiyatini uning yangi avlod parallel gibrid tizimi va energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan platformasi bilan izohlamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Geely Galaxy V900 gibrid miniveni Xitoyda sotuvga chiqarilgani haqida yozgandi.