Xorijiy til imtihonlarida yuqori natija ko‘rsatgan yoshlarga 100 mlrd so‘mdan ko‘proq kompensatsiya to‘lab berildi

2021–2025-yillar davomida xorijiy til bo‘yicha xalqaro imtihonlardan 70 foizdan yuqori natija qayd etgan 56,4 ming nafar yoshga jami 111 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ kompensatsiya qilib berildi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi e’lon qilgan rasmiy ma’lumotlarda keltirilgan.
Joriy yil uchun ajratilgan mablag‘lar Xalq banki orqali to‘liq moliyalashtirilgani qayd etildi.
Hududlar kesimida eng katta mablag‘ Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, bu yerda 19,1 ming nafar yoshga qariyb 39 mlrd so‘m to‘lab berilgan. Shuningdek, Buxoro, Farg‘ona, Samarqand va Namangan viloyatlarida ham minglab yoshlar xalqaro sertifikatlar asosida kompensatsiya olishga muvaffaq bo‘lgan. Eng kam ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida qayd etilgan.
Imtihon turlari bo‘yicha eng katta ulush IELTS sertifikatiga to‘g‘ri keladi — 41,8 ming nafar yosh uchun 92,6 mlrd so‘m ajratilgan. Undan keyingi o‘rinlarda TORFL/TPKI, SAT, TOEFL, HSK, GRE, TestDaF, Goethe-Zertifikat va boshqa xalqaro imtihon tizimlari qayd etilgan. Umuman olganda, kompensatsiyalar 18 ta xalqaro imtihon tizimi bo‘yicha amalga oshirilgan.
Yosh toifalari bo‘yicha tahlil shuni ko‘rsatadiki, kompensatsiya olganlarning asosiy qismi 14–23 yosh oralig‘iga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan xorijiy til o‘qituvchilariga qo‘yilgan talab muddati yil oxirigacha uzaytirilgani haqida yozgandi.