Yangiliklar

Yandex Go bosh menejeri WB Taxi’ga rahbar bo‘ldi

U Yandex Go xizmatiga rahbarlik qilganida 7 ta shaharda taksi xizmatini ishga tushirishga mas’ul bo‘lgan
Foto: WB Taxi

Wildberries & Russ qo‘shma kompaniyasi O‘zbekistonda WB Taxi rahbari lavozimiga Timur Aliyevni tayinladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Yangi lavozimida u biznesning barqaror ishlash modelini yo‘lga qo‘yish, hamkorlar, haydovchilar va taksi parklar bilan munosabatlarni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘ladi.

WB Taxi’ga kelishidan oldin Timur Aliyev O‘zbekistonda Yandex Go xizmatiga rahbarlik qilgan va 7 ta shaharda taksi xizmatini ishga tushirishga mas’ul bo‘lgan.

Timur Aliyev haydovchilar uchun barqaror va shaffof ekotizim yaratishga alohida e’tibor qaratgan. Uning rahbarligi ostida birinchi flitli taksi parki ishga tushirilgan, Yandex Fleet mahsuloti joriy qilingan, Toshkent aeroportida birinchi liniyaga avtomobil buyurtma qilish xizmati yo‘lga qo‘yilgan va boshqa xizmatlar ishga tushirilgan.

«Timur Aliyev O‘zbekiston taksi bozoridagi eng tajribali va muvaffaqiyatli top-menejerlardan biri. Uning tajribasi bizning taksi yo‘nalishimizni rivojlantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Unga katta muvaffaqiyat va omad tilaymiz», – deydi kompaniyaning texnologiyalarni rivojlantirish, taksi xizmati va tashishlar bo‘yicha departament direktori Anatoliy Smorgonskiy.

Avvalroq «Kursiv» 2025-yilning 11 oyida Yandex Go hamkor parklar va ularga tegishli haydovchilarning daromadi 6,6 trln so‘mdan oshgani haqida yozgandi.