Avstraliyada jazirama tufayli yong‘in xavfi e’lon qilindi

Avstraliyaning aksariyat qismini qamrab olgan kuchli jazirama to‘lqini sababli mamlakatning bir qator hududlarida yong‘in xavfi yuzaga keldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Viktoriya shtatida yong‘in xavfi shkalasining eng yuqori darajasi e’lon qilindi va hududda ochiq olovdan foydalanishga to‘liq taqiq joriy etildi. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida shtat bo‘ylab 450 ta maktab va bolalar bog‘chasi o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.

«Agar siz halokatli yong‘in xavfi prognoz qilingan hududda bo‘lsangiz, xavf darajasi pastroq joyga ertaroq ko‘chib o‘ting», – dedi Viktoriya Favqulodda vaziyatlarni boshqarish komissari Tim Uibush.
Meteorologik kuzatuvlarga ko‘ra, chorshanba kuni Melburnda so‘nggi olti yildagi eng issiq kun qayd etilib, havo harorati 40,9 darajaga yetgan. G‘arbiy Avstraliyaning ayrim qirg‘oqbo‘yi shaharlarida esa termometr ustuni 49 darajani ko‘rsatdi. Sinoptiklarning prognoziga ko‘ra, Yangi Janubiy Uelsda jazirama shanba kuni o‘z cho‘qqisiga chiqadi va Sidneyda harorat 42 darajaga yetishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan jazirama tufayli Qoraqalpog‘istonning ikkita tumanidagi bog‘chalar yopilgani haqida xabar bergan edi.