Buvaydadagi maktab direktori noqonuniy bo‘shatilgani ma’lum bo‘ldi

eʼlon qilindi
Navbatchilik bo‘yicha topshiriq yuqori tizimdan kelgan
maktab
Foto: Xalqtalimi info

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi 37-maktabda o‘qituvchilarning bayram va dam olish kunlari navbatchilikka majburlangani yuzasidan yuzaga kelgan mojaroning yangi tafsilotlari e’lon qilindi.

Ommaviy muhokamalardan so‘ng ishdan olingan maktab direktori Hasanboy Nishonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi noqonuniy bekor qilingani aniqlandi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda 2025-yil 25-dekabrdan 2026-yil 6-yanvargacha maktabda ikki smenada navbatchilik qilish belgilangan buyruq skrinshotlari tarqalgan edi. Hujjatda navbatchilik yangi yil bayrami kunlari maktab xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilgani ko‘rsatilgan. Ushbu holat jamoatchilikda keskin norozilikka sabab bo‘ldi.

Voqea oshkor bo‘lgach, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi direktor pedagoglarga lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifalarni yuklagani uchun ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Boshqarma bu holatni butun ta’lim tizimiga xos holat sifatida baholamaslikka chaqirdi.

Biroq keyinchalik tarqalgan hujjatlar navbatchilik bo‘yicha topshiriq yuqori tizimdan kelganini ko‘rsatdi. Ma’lum bo‘lishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan chiqqan xat asosida barcha hududlarga 2025-yil 25-dekabrdan 2026-yil 5-yanvargacha ta’lim muassasalarida 24 soatlik uzluksiz navbatchilik joriy etish tavsiya qilingan. Ushbu topshiriq Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-dekabrdagi 245-sonli bayoniga tayanilgan.

Vazirlik matbuot kotibi Dilfuza Sobirova mazkur topshiriqda o‘qituvchilarning navbatchilik qilishi nazarda tutilmaganini bildirdi. Shu bilan birga, navbatchilikda aynan kimlar bo‘lishi kerakligi bo‘yicha aniq izoh berilmadi.

2026-yil 8-yanvar kuni Mehnat inspeksiyasi tekshiruv yakunlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mehnat qonunchiligi buzilgani uchun maktab direktori ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shu bilan birga, dam olish va bayram kunlari navbatchilikka jalb qilingan xodimlarga ikki hissa miqdorida ish haqi to‘lab berish bo‘yicha ish beruvchiga yozma ko‘rsatma kiritilgan.

Mehnat inspeksiyasi rahbari vazifasini bajaruvchi Nilufar Amanniyazovaning aytishicha, direktor bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda qo‘pol qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgan. Inspeksiya nafaqat o‘qituvchilarning mehnat huquqlarini, balki maktab direktorining ham ishga tiklanishini ta’minlashini ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 11-yanvardan «Mening maktabim» loyihasining 2-bosqichi boshlanishi haqida yozgandi.

Shuningdek