Erondagi ommaviy namoyishlar fonida internet o‘chirib qo‘yildi

Iqtisodiy vaziyat yomonlashuvi sababli butun mamlakat bo‘ylab davom etayotgan namoyishlar fonida Eronda internet o‘chirib qo‘yildi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.
Norvegiyada joylashgan Iran Human Rights tashkiloti so‘nggi 12 kun ichida xavfsizlik kuchlari tomonidan kamida 45 nafar namoyishchi, jumladan, sakkiz nafar bola o‘ldirilganini ma’lum qildi. Namoyishlar dekabr oyi oxirida boshlangan bo‘lib, hozirda Eronning barcha 31 ta viloyatini qamrab olgan.

Hukumat kuchlari shifoxonalarga reyd uyushtirib, yaradorlarni hibsga olayotgani aytilmoqda. Rasmiy manbalar va mahalliy OAV esa tartibsizliklar boshlanganidan beri 21 kishi, jumladan, xavfsizlik xodimlari halok bo‘lganini tasdiqlagan. 8-yanvar kuni kurd siyosiy guruhlari chaqirig‘i bilan Eronning g‘arbiy hududlarida umumiy ish tashlash e’lon qilindi va do‘konlar yopildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Fars viloyatida namoyishchilar Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining sobiq qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy haykalini qulatgani aks etgan. Tehronning shimoli-g‘arbidagi Oyatulloh Koshoniy bulvarida va g‘arbdagi Obodon shahrida yirik olomon to‘plangan.
Namoyishlarga milliy valyuta qadrsizlanishi, import uchun imtiyozli valyuta kursining bekor qilinishi va oziq-ovqat narxlarining keskin (yil davomida 70 foizga) oshishi sabab bo‘lmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Erondagi norozilik tadbirlarida halok bo‘lganlar soni 35 kishiga yetgani haqida xabar bergan edi.