Farg‘onada mashina bakidan narkotik topildi — video

Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida Tojikistondan haydab kelingan Lacetti’ning yonilg‘i baki ichiga giyohvandlik moddalari yashirgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Lacetti haydovchisi 46 yoshli o‘zbekistonlik bo‘lib, u Beshariq tumanida joylashgan «Ravot» chegara-bojxona postiga kelganida chegarachilar tomonidan to‘xtatilgan. Tekshiruv paytida avtomashinaning yonilg‘i baki ichiga sof og‘irligi 10 kg 739 gr «gashish», 412 gr «marixuana» va 35 gr «opiy» giyohvandlik vositalari hamda 6945 dona «Royal» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirilgani aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
DXXning yozishicha, tergov doirasida uning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Toshkent viloyatida Rossiyadan olib kelinayotgan narkotik modda to‘xtatib qolingani haqida yozgandi.