Iroq «Lukoyl»ning eng yirik neft konini milliylashtirdi

Iroq hukumati Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan G‘arbiy Qurna-2 neft konini vaqtincha davlat nazoratiga o‘tkazish rejasini ma’qulladi. Bu haqda Reuters agentligi Iroq neft sanoatidagi manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, bu qaror Iroq rasmiylarining 2025-yil oktabr oyida «Lukoyl»ga nisbatan Vashington joriy etgan sanksiyalar tufayli neft qazib olishdagi uzilishlarning oldini olish istagi bilan bog‘liq.
Basra neft kompaniyasi keyingi 12 oy davomida konni boshqarishni o‘z zimmasiga oladi. Operatsion xarajatlar va pudratchilarning to‘lovlari boshqa bir kon – Majnun konidan olinadigan daromadlar hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Iroq tomoni «Lukoyl» ulushi uchun xaridor izlashni boshlaydi.
G‘arbiy Qurna-2 «Lukoyl»ning eng yirik xorijiy aktivi hisoblanadi. 2010-yildan beri ishlab chiqilayotgan ushbu kon kuniga taxminan 480 ming barrel neft qazib oladi, bu Iroqdagi umumiy ishlab chiqarishining taxminan 9 foiz va global ta’minotning 0,5 foizini tashkil qiladi.
Rossiya kompaniyasi u yerda 2014-yilda tijorat maqsadida neft qazib olishni boshlagan.
Avvalroq «Kursiv» Amerikaning Chevron kompaniyasi va Quantum Energy Partners investitsiya guruhi «Lukoyl»ning xalqaro aktivlarini bo‘lib olish bo‘yicha bitim tuzish niyatida ekani haqida yozgandi.