
Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tgan Ispaniya Superkubogi yarim final bahsida «Real Madrid» derbida «Atletiko» ustidan 2:1 hisobida zafar quchdi.
Uchrashuv Xabi Alonso shogirdlari uchun shiddatli boshlandi. O‘yinning 2-daqiqasida Federiko Valverde jarima zarbasini qoyilmaqom ijro etib, Yan Oblak qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qildi. Ikkinchi bo‘limda ham tashabbus «Qirollik klubi» qo‘lida bo‘ldi.

55-daqiqada yana o‘sha Valverdening uzatmasidan so‘ng Rodrigo himoyachilardan qochib ketdi va vaziyatni xotirjamlik bilan golga aylantirib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Oradan atigi uch daqiqa o‘tib, 58-daqiqada qanotdan uzatilgan to‘pni Aleksandr Syorlot golga aylantirdi.
Ma’lumot uchun, «Qirollik klubi» 11-yanvar kuni turnir finalida Xansi Flik boshchiligidagi «Barselona» qarshi maydonga tushadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Barselona» Ispaniya Superkubogi finaliga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.