Avto

Leapmotor A10 qanday imkoniyatlar bilan chiqadi

A10 brendning yangi A-Series lineykasidagi ilk model
Foto: MIIT

Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi hujjatlarida Leapmotor A10 haqidagi ma’lumotlar e’lon qilindi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

A10 brendning yangi A-Series lineykasidagi ilk model bo‘lib, bozorga 2026-yilning birinchi yarmida chiqishi va yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Yangi elektr krossover ixtiyoriy LiDAR tizimi bilan taklif qilinadi va sof elektr rejimida 500 km masofani bosib o‘ta oladi. Tashqi dizaynda yopiq old panjara, LED faralar va «tabassum» uslubidagi optika ishlatilgan. Tom qismida joylashgan LiDAR datchigi avtomobil yuqori darajadagi haydovchiga yordam beruvchi tizimlar bilan jihozlanishini ko‘rsatadi.

Foto: MIIT

Leapmotor A10 kompaniyaning Technology Natural Aesthetics 2.0 dizayn falsafasi asosida yaratilgan. Avtomobil o‘lchamlari 4 270 mm uzunlik, 1 810 mm kenglik va 1 635 mm balandlikni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2 605 mm, o‘z og‘irligi esa 1 460 kg.

Texnik jihatdan A10 bitta elektr motor bilan jihozlangan. Uning maksimal quvvati 90 kW yoki 121 ot kuchiga teng. Avtomobil litiy-temir-fosfat (LFP) batareyaga ega bo‘lib, tezkor zaryadlash orqali 30 foizdan 80 foizgacha atigi 16 daqiqada quvvatlana oladi. Elektr uzatma tizimi moy bilan sovutiladi.

Foto: MIIT

Model uchun turli opsiyalar taklif etiladi. Ular orasida 18 dyuymli g‘ildirak disklari, tashqi bezak elementlari, kamera-ko‘zgu tizimi va LiDAR mavjud.

Xitoy OAV baholariga ko‘ra, yangi A10 taxminan $10 mingdan boshlanadigan narx bilan sotuvga chiqishi mumkin. Bu ko‘rsatkich uni Geely Geome Xingyuan va BYD Seagull kabi ommabop elektr avtomobillariga to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibga aylantiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Leapmotor D19 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.