Markaziy Osiyo tufayli Afg‘oniston tashqi savdosi barqaror qoldi — Reuters

eʼlon qilindi
Afg‘onistonning savdo hajmi 2025-yilda qariyb 14 milliard dollarga yetdi
Foto: O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi

Reuters’ning yozishicha, 2025-yilda Afg‘onistonning tashqi savdosi, Pokiston bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramay, Eron va Markaziy Osiyo orqali muqobil yo‘llar yaratilgani tufayli barqaror bo‘lib qoldi.

Pokiston bilan munosabatlarning yomonlashishi oqibatida Afg‘oniston eksport va import kompaniyalari yuklarni boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha qayta yo‘naltirdi. Erondagi Chobahor porti, shuningdek, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston orqali quruqlikdagi yo‘nalishlar asosiy tranzit punktlari sifatida tanlandi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonning 2025-yildagi umumiy tashqi savdosi taxminan $13,9 milliardni tashkil etdi.

Shundan eksport taxminan $1,8 milliardga teng, bu 2024-yilga nisbatan umuman barqaror ko‘rsatkich, import esa $12,1 milliarddan sal ko‘proqqa oshdi. Hindiston, Pokiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari afg‘on tovarlari uchun asosiy bozorlar bo‘lib qolmoqda.

Quritilgan mevalar, ko‘mir, gilamlar, za’faron va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport tarkibida yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Yonilg‘i, uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat materiallari importning eng katta ulushini tashkil qiladi. Ushbu tovarlar asosan Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy va qo‘shni davlatlardan import qilinadi.

Afg‘oniston xavfsizlik nizolari bilan bog‘liq chegaralarning yopilishi ortidan Pokistonga qaramligini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni tezlashtirmoqda. Pokiston dengizga eng tez yo‘l bo‘lib qolsa-da, afg‘on rasmiylarining ta’kidlashicha, savdo yo‘laklarini diversifikatsiya qilish sharqiy qo‘shnisi bilan munosabatlar tarangligicha qolgan bir paytda ham savdo-sotiqni davom ettirishga imkon bergan.

Avvalroq «Kursiv» Afg‘oniston ko‘miri Pokiston o‘rniga O‘zbekistonga eksport qilinishi haqida yozgandi.

Shuningdek